"Ҳеч тўхтамасдан ҳаракат қилуб турғон вужудимизга, танимизга сув-ҳаво не қадар зарур бўлса, маишат йўлида ҳар хил қора кирлар ила кирланган руҳимиз учун ҳам шул қадар адабиёт керакдир. Адабиёт яшаса — миллат яшар".     Абдулҳамид Чўлпон

ADABIYOT VA TARAQQIYOT yoxud yana audiokitoblar xususida

Ўқилди: 524

Inson mehnati orqasidan baraka topadi, moddiy ehtiyojini qondiradi. Ammo ma’naviy ehtiyojlar borasida ham shunday deya olamizmi? Buni kitoblarsiz tasavvur etib bo‘lmasa kerak. Biroq keyingi paytda ko‘pchilik vaqtni bahona qilib, ulardan uzoqlashgandek. Endilikda bahonaga o‘rin qolmadi. Sababi, savdo rastalarida o‘ziga xos yangilik — audio kitoblar paydo bo‘ldi.

 

Audio kitoblar tarixiga nazar solsak, ular ilk bor o‘tgan asrning 30-yillarida urushda jarohatlanib, ko‘rish qobiliyatini yo‘qotgan kishilar uchun yaratilgan. Keyinchalik tadbirkorlar kitoblardan katta daromad ola boshlagach, ular ommaviy tarzda sog‘lom odamlar orasida ham keng tarqalgan.

Mamlakatimizda kitobga bo‘lgan munosabat tobora o‘zgarmoqda. Xususan, kitob bayramlari, yarmarkalar, adabiy kechalarning o‘tkazilishi fikrimizning dalilidir. Shuningdek, joylarda, nafaqat an’anaviy, balki audio kitoblar savdosi ham keng yo‘lga qo‘yilgan. Qay bir kitob do‘koniga kirmang, ovozli kitoblarni uchratishimiz mumkin. Ulardagi asar mazmuniga hamohang diltortar musiqiy tovushlar voqealarni ko‘z oldimizda yaqqolroq gavdalanishiga imkon beradi. Bu o‘z navbatida  kitobga bo‘lgan qiziqishni yanada oshiradi.

Bunday kitoblar qanday tayyorlanishi va ovoz yozish jarayonlari ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otishi tayin.

— O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati “San’at gulshani” MChJ ovoz yozish studiyasi 2007 yildan buyon faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Kitoblarni ovozlashtirishdan maqsad — ko‘zi ojizlarga qulaylik yaratishdan iboratdir, – deydi  jamiyat direktori Isroil Oripov. — Asosan, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi suxandonlari kitoblarni audio holatiga keltirishda yordam berishmoqda. O‘tgan vaqt davomida studiyada 200 ga yaqin adabiyot ovozlashtirilib, audio holatiga keltirilgan. Hozirgi kunda ovoz yozish studiyasi respublika miqyosida faoliyat ko‘rsatib, asosan kitobxonlarga yengillik yaratish maqsadida mamlakatimizda joylashgan barcha kutubxonalar, oliy o‘quv yurtlarini audio disk bilan ta’minlamoqda.

Bunday kitoblardan, masalan, uy yumushlari bilan band bo‘lganda, jamoat transportlarida, sport bilan shug‘ullanish vaqtida foydalanish mumkin. Shuningdek, audio formatdagi ertak kitoblarni tinglash farzandlarimizning eshitish qobiliyatini rivojlantiradi. Matnni qanday o‘qish, so‘zlarni to‘g‘ri talaffuz qilish me’yorlaridan  ham xabardor etadi.

Qolaversa, kitobxonlarning yana bir guruhi mavjudki, ular ko‘proq internetga murojaat etadi. Unda ovozli ko‘rinishdagi kitoblarni ingliz va rus tillarida ko‘plab topish mumkin. O‘zbek tilidagi ovozli kitoblar ham kam emas. Ziyonet ta’lim portalida turli yoshli o‘quvchilarga mo‘ljallangan ovozli kitoblarni topish mumkin. Saytning audio kitoblar ruknida 500 dan ortiq ovozli kitoblar ro‘yxati keltirilgan.

Shuningdek, bunday kitoblar xorijiy tillarni o‘rganayotgan kishilar uchun ham o‘ta foydali. Tilni mukammal o‘rganishda kishining eshitish qobiliyati, talaffuzi, matnlarni ravon o‘qishi muhim omil sanaladi. Audio kitoblar esa insonning ayni shu jihatlarini rivojlantirishga yordam beradi. Rus, ingliz, frantsuz va koreys tillaridagi audiokitoblarni eshitish o‘rganuvchilar uchun foydali bo‘lish bilan birga qulaydir.

Ovozli kitoblarning keng miqyosda ommalashuvi “ommaviy madaniyat” ko‘rinishidagi turli musiqa va qo‘shiqlarning tarqalishining oldini oladi. Ularning nafaqat ovoz yozish studiyalarida, balki radiokanallarda ham eshittirilishi tinglovchilarni jahon va o‘zbek adabiyoti durdonalaridan bahramand etadi. Adabiyotga muhabbat uyg‘otadi.

Muxtasar aytganda, kishilar ma’naviyatini boyitishga xizmat qilayotgan kitoblarning soni ham, salmog‘i ham ancha katta. Afsuski, barchasini mutolaa qilishning imkoni yo‘q. Shuni inobatga olib ovozli kitoblar bu borada bizning yaqin ko‘makchimizga aylanishi mumkin.

Сайт бўлими: Аудиогалерея

Қўшимча:

Ўзбекистон Миллий кутубхонасида “Звезда Востока” журналининг 85 йиллигига бағишланган тадбир бўлиб ўтди Ўзбекистон Миллий кутубхонасида “Звезда Востока” журналининг 85 йиллигига бағишланган тадбир бўлиб ўтди
Александр ФАЙНБЕРГ, Ўзбекистон халқ шоири Александр ФАЙНБЕРГ, Ўзбекистон халқ шоири
СИРОЖИДДИН САЙЙИД  (1958) СИРОЖИДДИН САЙЙИД (1958)
САМАРҚАНДДА КЎЧМА ЙИҒИЛИШ САМАРҚАНДДА КЎЧМА ЙИҒИЛИШ