"Ҳеч тўхтамасдан ҳаракат қилуб турғон вужудимизга, танимизга сув-ҳаво не қадар зарур бўлса, маишат йўлида ҳар хил қора кирлар ила кирланган руҳимиз учун ҳам шул қадар адабиёт керакдир. Адабиёт яшаса — миллат яшар".     Абдулҳамид Чўлпон

«Дўрмон» ижод уйи

2010 yil 31 iyul kuni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining «Do‘rmon» ijod uyiga yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunoslar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, yosh ijodkorlar yig‘ildi. Ular bu yerda amalga oshirilgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, ijod ahli uchun yaratilgan shart-sharoit bilan tanishdilar.      «Do‘rmon» ijod uyida birinchi bosqichda amalga oshirilgan qurilish-ta’mirlash ishlari jarayonida ijodkorlarning maroqli dam olib, samarali ijod qilishi uchun barcha sharoit muhayyo etildi. 58 o‘rinli ijod uyi kapital rekonstruksiya qilinib, zamonaviy mebel jihozlari, maishiy buyumlar, aloqa vositalari bilan ta’minlandi. Bu yerda kutubxona, dam olish, stol tennisi, shaxmat-shashka xonalari, zamonaviy oshxona, basseyn barpo etildi. Hududda keng ko‘lamli ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirildi.       «Do‘rmon» ijod uyi va poliklinikani foydalanishga topshirishga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi B.Alimov, O‘zbekiston xalq shoiri M.Toir, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi T.Qo‘ziyev, Respublika Ma’naviyat-targ‘ibot markazi rahbari M.Hojimatov va boshqalar ijod uyi va poliklinikada yaratilgan shart-sharoitlar Prezidentimiz Islom Karimovning ijod ahliga qaratayotgan doimiy e’tibori va g‘amxo‘rligining amaldagi yana bir ifodasi ekanligini alohida ta’kidladi. Ayni paytda bunga javoban yurtimizda amalga oshirilayotgan tub islohotlar mohiyatini, mamlakatimiz hayotidagi tarixiy yangilanish jarayonlarini, bunyodkor xalqimizning turmush tarzi va ongu tafakkurida yuz berayotgan o‘zgarishlarni badiiy mahorat bilan talqin va targ‘ib etish, yosh avlodni ona Vatanga, istiqlol g‘oyalariga sadoqat va muhabbat ruhida tarbiyalashga, xalqimiz ma’naviy dunyosini boyitishga xizmat qiladigan yangi badiiy asarlar yaratish qalam ahlining ma’naviy burchi ekanligi qayd etildi.